Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida" 2008-yil 24-iyundagi 141-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 21-apreldagi "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi 155-sonli Qonuniga muvofiq transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash maqsadida tashkil etilgan.
Jamg‘arma notijorat tashkilot hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 21-apreldagi "Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida"gi 155-sonli Qonuniga, boshqa qonun hujjatlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi.
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda “Jamgʻarma” deb yuritiladi) transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish (keyingi oʻrinlarda “majburiy sugʻurta qilish” deb yuritiladi) boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash maqsadida tashkil etiladi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma notijorat tashkilot hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi banklarida hisob raqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplarga va blankalarga ega boʻladi.
Jamgʻarma moliyaviy yordam berish va xayriya faoliyati bilan shugʻullanishga, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi (qatnashchisi) boʻlishga va sugʻurta tashkilotlarining ustav sarmoyasida qatnashishga haqli emas.
31. Jamgʻarmaning nomi:
davlat tilida:
toʻliq nomi — “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi”;
qisqartirilgan nomi — “Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi”;
ingliz tilida:
toʻliq nomi — “The Fund of guaranteeing payments on compulsory insurance of civil liability of vehicle owners”;
qisqartirilgan nomi — “Fund of guaranteeing insurance payments”;
rus tilida:
toʻliq nomi — “Fond garantirovaniya viplat po obyazatelnomu straxovaniyu grajdanskoy otvetstvennosti vladelsev transportnix sredstv”;
qisqartirilgan nomi — “Fond garantirovaniya straxovix viplat”;
4. Jamgʻarma oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻzining barcha mol-mulki bilan javob beradi.
II. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
transport vositalaridan foydalanishda jabrlanuvchiga unga yetkazilgan zararni kafolatli toʻlashni majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish yoʻli bilan taʼminlash;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq sugʻurta mukofotlari boʻyicha siylov huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning ayrim toifalarini koʻrsatib oʻtilgan siylovlarni kompensatsiya qilish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash tizimini moliyaviy taʼminlash;
majburiy sugʻurta qilish, shu jumladan, majburiy sugʻurta qilish shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻlgan, sugʻurta hodisalari haqidagi maʼlumotlarning axborot bazasini, sugʻurta qildiruvchilar va jabrlanganlar toʻgʻrisidagi shaxsiy maʼlumotlarni shakllantirish, sugʻurta sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarni taʼminlagan holda sugʻurtalovchilar bilan Jamgʻarma oʻrtasida koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni ayirboshlashni tashkil etish;
Jamgʻarmaning unga yuklangan asosiy vazifalarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarni ishlab chiqish hamda sugʻurta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda tasdiqlash.
6. Jamgʻarma qoʻyilgan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
belgilangan tartibda jabrlanuvchilarga kompensatsiya toʻlovlari toʻlaydi, shuningdek regress talablarni amalga oshiradi;
sugʻurtalovchilar tomonidan qonunchilikka muvofiq koʻrsatib oʻtilgan siylovlarni olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifalariga berilgan sugʻurta mukofotlari boʻyicha siylovlarni kompensatsiya qiladi;
majburiy sugʻurta qilish bilan bogʻliq masalalar va nizolar yuzasidan huquqiy maslahat xizmatini, yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan bogʻliq adjasterlik va baholash xizmatini buyurtma asosida toʻlov evaziga koʻrsatadi.
Jamgʻarmaning oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan axborotlarni maxsus vakolatli davlat organi bilan doimiy ravishda ayirboshlaydi;
sugʻurtalovchilar bilan majburiy sugʻurta qilish, qonunchilikda belgilangan sugʻurta siri toʻgʻrisidagi talablar taʼminlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ayirboshlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlari tushumi va sarfi boʻyicha yillik va choraklik prognozlarni shakllantiradi;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqadi va maxsus vakolatli davlat organiga koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
majburiy sugʻurta qilish sohasida xalqaro aloqalarni amalga oshiradi, xorijiy tajribani oʻrganadi va undan foydalanadi.
Jamgʻarma oʻz vazifalari va qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
III. Jamgʻarmaning huquq va majburiyatlari
7. Jamgʻarma quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchilardan tuzilgan majburiy sugʻurta shartnomalari soni, toʻplangan sugʻurta mukofotlari miqdori, majburiyatlar va toʻlangan sugʻurta qoplovlari toʻgʻrisidagi axborotni belgilangan tartibda olish;
majburiy sugʻurta qilish bilan bogʻliq masalalar va nizolar yuzasidan huquqiy maslahat xizmatini, yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan bogʻliq adjasterlik va baholash xizmatini buyurtma asosida toʻlov evaziga koʻrsatish;
Jamgʻarma mablagʻlarini ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda joylashtirish.
Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarga va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Jamgʻarma quyidagilarga majbur:
maxsus vakolatli davlat organiga ushbu organ tomonidan belgilangan shakl boʻyicha va muddatlarda moliyaviy hisobot va boshqa hisobotlarni taqdim etish;
Jamgʻarmaning mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlash;
ommaviy axborot vositalarida yilning har choragida sugʻurtalovchilar-qatnashchilar roʻyxatini eʼlon qilish;
maxsus vakolatli organning soʻroviga koʻra majburiy sugʻurta qilish boʻyicha tegishli axborotni taqdim etish.
Jamgʻarma oʻz vazifalari va qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
IV. Jamgʻarma mol-mulkini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi
9. Jamgʻarmaning mol-mulki:
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi sugʻurtalovchilarning bir yoʻla va kalendar toʻlanadigan badallari;
Jamgʻarma tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslarga nisbatan regress va subrogatsiya huquqini amalga oshirishdan tushgan mablagʻlar;
Jamgʻarmaning pul mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
buyurtma asosida toʻlov evaziga majburiy sugʻurta qilish bilan bogʻliq masalalar va nizolar yuzasidan huquqiy maslahat xizmatini, yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan bogʻliq adjasterlik va baholash xizmatini koʻrsatishdan olingan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllanadi.
10. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi sugʻurtalovchilarning Jamgʻarmaga bir yoʻla toʻlanadigan badali Jamgʻarmaga badal kiritish kunida sugʻurtalovchi ustav fondining qonunchilik hujjatlarida belgilangan eng kam miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi sugʻurtalovchilarning Jamgʻarmaga toʻlanadigan kalendar badallari sugʻurtalovchilar tomonidan yilning har choragida Jamgʻarmaga oʻtkaziladigan pul mablagʻlaridan iborat boʻladi. Kalendar badal miqdori sugʻurtalovchi bilan tuzilgan majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha umumiy sugʻurta summasi hisobot choragida oʻsishi hajmidan kelib chiqib maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishuv boʻyicha Jamgʻarmaning kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
Toʻlangan kalendar badallar summasi Jamgʻarmaning kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan miqdorga yetganda sugʻurtalovchilar tomonidan kalendar badallar toʻlash maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha umumiy sugʻurta summasidan kelib chiqib toʻxtatib turiladi. Majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha jami sugʻurta summasi oʻzgargan taqdirda, sugʻurtalovchi tomonidan Jamgʻarmaga toʻlangan kalendar badallar summasi qayta hisoblanadi.
12. Majburiy sugʻurta qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishi sugʻurtalovchini Jamgʻarmaga kalendar badallarni toʻlashdan ozod qilmaydi.
Kalendar badal stavkasi oʻzgargan taqdirda Jamgʻarma bu haqda sugʻurtalovchilarga toʻlashning keyingi muddatidan oldin kamida 30 kundan kechikmay xabar qilishi shart.
13. Jamgʻarma mablagʻlaridan faqat:
kompensatsiya toʻlovlari toʻlashda;
majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta mukofotlariga oid siylovlarni kompensatsiya qilishda;
Jamgʻarma direksiyasi taʼminoti uchun;
ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan Jamgʻarmaning boshqa vazifalarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.
Jamgʻarmaning kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirishga va sugʻurta mukofotlari boʻyicha siylovlarni kompensatsiya qilishga moʻljallangan mablagʻlari Jamgʻarmaning boshqa mol-mulkidan alohida ajratiladi, ular boʻyicha alohida hisob yuritiladi va alohida bank hisob raqami ochiladi.
14. Jamgʻarma direksiyasi taʼminoti Jamgʻarmaning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
15. Jamgʻarma mablagʻlarining bir qismi vaqtincha boʻsh boʻlgan taqdirda Jamgʻarmaning kuzatuv kengashi har yili ushbu mablagʻlarni investitsiya qilish yoʻnalishlari va hajmini tasdiqlashi mumkin. Jamgʻarmaning koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlarini investitsiya qilish diversifikatsiyalash, qaytarish, foyda olish va likvidlik shartlarida amalga oshiriladi.
16. Jamgʻarma mablagʻlarini davlat qimmatli qogʻozlariga va boshqa aktivlarga joylashtirishdan olingan Jamgʻarma daromadlari (Tijorat banklariga joylashtirilgan mablagʻlardan toʻlov manbaida soliqqa tortiladigan foizlardan tashqari) soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
17. Agar homiylar yoki grant beruvchilar tomonidan Jamgʻarmaga Jamgʻarmaning maqsadlari va vazifalariga muvofiq boʻlgan maqsadlar va foydalanish shartlari koʻrsatilgan holda mablagʻlar berilgan taqdirda, ushbu mablagʻlardan homiylar yoki grant beruvchilarning koʻrsatmalariga muvofiq foydalanilishi kerak.
18. Majburiy sugʻurta qilish boʻyicha faoliyat ixtiyoriy toʻxtatilishi munosabati bilan Jamgʻarmadan ixtiyoriy chiqilgan taqdirda, shuningdek sugʻurtalovchi Jamgʻarma oldidagi majburiyatlarni bajarmaganligi uchun undan chiqarilganda sugʻurtalovchi tomonidan Jamgʻarmaga toʻlangan badallar qaytarilmaydi.
19. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirish va sugʻurta mukofotlari boʻyicha siylovlarni kompensatsiya qilish uchun Jamgʻarmaning bank hisob raqamidagi mablagʻlarning eng kam summasiga nisbatan talablar belgilanishi mumkin.
V. Sugʻurtalovchilarning Jamgʻarma bilan yozma bitimini tuzish va ularni aʼzolikdan chiqarish tartibi
20. Jamgʻarma bilan yozma bitim tuzish uchun sugʻurtalovchi Jamgʻarmaga ariza, belgilangan miqdorda bir yoʻla toʻlanadigan badal toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomasi nusxasini taqdim etishi shart.
21. Jamgʻarma maxsus vakolatli davlat organini tuzilgan yozma bitimlar va sugʻurtalovchilar tomonidan Jamgʻarmaga bir yoʻla toʻlanadigan badal toʻlanganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
22. Sugʻurtalovchilar:
sugʻurtalovchining firma nomi va (yoki) joylashgan joyi oʻzgarganda;
sugʻurtalovchini qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda Jamgʻarmaga yozma ravishda maʼlum qilishi shart.
23. Jamgʻarma bilan yozma bitim tuzgan sugʻurtalovchining nomi va (yoki) joylashgan joyi oʻzgargan taqdirda Jamgʻarma sugʻurtalovchining qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi va litsenziya qayta rasmiylashtirilganligini tasdiqlaydigan hujjatlar sugʻurtalovchidan olingan paytdan boshlab 10 ish kuni mobaynida Jamgʻarmaning sugʻurtalovchilari — aʼzolari reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
24. Sugʻurtalovchi tomonidan Jamgʻarma va sugʻurtalovchi oʻrtasida tuzilgan yozma bitimda nazarda tutilgan Jamgʻarma oldidagi majburiyatlar muntazam ravishda (hisobot davrida ikki va undan koʻp marotaba) bajarilmagan taqdirda, Jamgʻarma maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda sugʻurtalovchi va Jamgʻarma oʻrtasida tuzilgan bitimni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
25. Sugʻurta qilish boʻyicha faoliyatning ixtiyoriy toʻxtatilishi munosabati bilan Jamgʻarma bilan tuzilgan bitimlar ixtiyoriy bekor qilinganda, shuningdek, Jamgʻarma oldidagi majburiyatlar bajarmaganligi uchun sugʻurtalovchi bilan tuzilgan bitimlar bekor qilingan taqdirda, sugʻurtalovchi sugʻurta qilish boʻyicha ilgari tuzilgan yozma bitimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi shart.
VI. Jamgʻarmani boshqarish
26. Kuzatuv kengashi va Jamgʻarma direksiyasi Jamgʻarmaning boshqaruv organlari hisoblanadi.
27. Jamgʻarmaning kuzatuv kengashi Jamgʻarma faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.
28. Kuzatuv kengashining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Kuzatuv kengashiga rais boshchilik qiladi.
29. Kuzatuv kengashi majlislari uning raisi yoki kuzatuv kengashi aʼzolarining kamida uchdan bir qismining talabi boʻyicha zaruriyatga koʻra, biroq yil choragida kamida bir marta chaqiriladi.
Kuzatuv kengashi, agar majlisda uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, qaror qabul qilishga haqlidir. Agar hozir boʻlganlarning kamida uchdan ikki qismi kuzatuv kengashi qarori uchun ovoz bersa, kuzatuv kengashi qarori qabul qilingan hisoblanadi.
30. Kuzatuv kengashi:
sugʻurtalovchilarning kalendar badallari stavkalarini, toʻlangan kalendar badallarining cheklangan summasini, hisob-kitob qilish tartibi va badallarni toʻlash muddatlarini tasdiqlaydi;
maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda bank-agentni tanlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarini davlat qimmatli qogʻozlariga va boshqa aktivlarga joylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibini, shu jumladan joriy faoliyat xarajatlarini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning ijro etuvchi organini tuzadi va uning faoliyatini nazorat qiladi;
auditorlik tashkilotini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
31. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi uning Direksiyasi hisoblanadi. Direksiya joriy rahbarlikni amalga oshiradi va Jamgʻarma faoliyati uchun javob beradi. Jamgʻarma direksiyasining tuzilmasi va Jamgʻarma xodimlarining cheklangan soni Jamgʻarma kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Jamgʻarma direksiyasiga Jamgʻarma kuzatuv kengashi tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.
32. Jamgʻarma direksiyasi:
bir martalik va kalendar badallarning sugʻurtalovchilar tomonidan oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini nazorat qiladi;
belgilangan tartibda kompensatsiya toʻlovlarini va sugʻurta mukofotlari boʻyicha siylovlar kompensatsiyasini amalga oshiradi;
joriy faoliyat xarajatlari smetasini tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga kiritadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33. Jamgʻarmaning direktori kuzatuv kengashi majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan qatnashadi.
VII. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash
34. Direksiya har yili sugʻurtalovchilarning ajratmalari va oʻzga manbalardan boshqa tushumlar, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va kreditlarini jalb etish, ham Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari, ham norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning begʻaraz yordami shaklida navbatdagi yil uchun Jamgʻarma tushumlari prognozini amalga oshiradi.
35. Direksiya Jamgʻarma daromadlari prognozi asosida keyingi yil uchun Jamgʻarma xarajatlari prognozini amalga oshiradi.
36. Navbatdagi yil uchun Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozlari direksiya tomonidan kuzatuv kengashiga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritiladi.
Daromadlar va xarajatlarning yillik prognozlari, shu jumladan, Jamgʻarmaning xarajatlar smetasi kuzatuv kengashi tomonidan kelgusi yilning 10-fevraliga qadar tasdiqlanadi.
Bunda Jamgʻarmaning xarajatlar smetasi tasdiqlangunga qadar xarajatlar summasi oldingi moliya yilining oxirgi choragidagi xarajatlar summasidan oshib ketmasligi kerak va qonunchilikda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun xarajatlar summasi hisobga olingan holda tuzatish kiritilishi mumkin.
VIII. Jamgʻarmaning moliyaviy va boshqa hisobotlari
38. Jamgʻarma maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shakl boʻyicha va muddatlarda maxsus vakolatli davlat organiga moliya hisobotini va boshqa hisobotlarni taqdim etadi.
39. Jamgʻarmaning yillik moliya hisoboti ishonchliligi auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlanishi kerak.
40. Jamgʻarmaning yillik moliyaviy hisoboti kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
41. Jamgʻarmaning yillik moliyaviy hisoboti maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan shakl boʻyicha va muddatlarda matbuotda eʼlon qilinadi.
42. Jamgʻarmaning moliyaviy faoliyati har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishi kerak.
IX. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash tartibi
43. Mablagʻlarni tasdiqlanmagan smetasiz, shuningdek Jamgʻarma xarajatlari prognozida nazarda tutilmagan chora-tadbirlarga yoki ham umuman smeta boʻyicha, ham xarajatlarning alohida turlari boʻyicha smeta vazifalaridan ortiq boʻlgan summalarda sarflash taqiqlanadi, bazaviy hisoblash miqdori oshirilgan hollar bundan mustasno.
44. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun Jamgʻarma hisob raqamidan mablagʻlarni oʻtkazish va vaqtincha olib qoʻyish taqiqlanadi.
X. Sugʻurtalovchilarning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni Jamgʻarma tomonidan olish va oshkor qilmaslik kafolati
45. Jamgʻarma va maxsus vakolatli davlat organi Jamgʻarma oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan axborotni doimiy ravishda ayirboshlaydi.
46. Jamgʻarma, agar sugʻurtalovchilarning faoliyati, ularning mijozlari toʻgʻrisidagi axborot Jamgʻarma oʻz funksiyalarini amalga oshirayotganda unga maʼlum boʻlsa, koʻrsatib oʻtilgan axborot oshkor qilinmasligini kafolatlaydi, qonunga muvofiq axborotning oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyiladigan hollar bundan mustasno.
47. Jamgʻarma tomonidan koʻrsatib oʻtilgan axborot oshkor qilingan taqdirda huquqlari buzilgan shaxs Jamgʻarmadan bunday oshkor qilish orqali oʻziga yetkazilgan zararni qoplashini talab qilishga haqlidir.
XI. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish
48. Jamgʻarma qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.